“Yangi Toshkent” loyihasi bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik qilinadi
foto:UzA
Uchrashuvda Xitoyning “Dauteen Medical and Health Industry Investment Group” kompaniyasi raisi Vang Li xonim va “Hunan Construction Investment Group” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Hunan Construction Investment Group” kompaniyasi tomonidan Xitoyda va boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik infrastruktura qurilish loyihalari taqdimot qilindi.
“Yangi Toshkent” loyihasi doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta’minlanadi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.
Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi. “Yangi Toshkent”da uy-joy, transport, ishxona, madaniyat, sport va ta’lim obyektlarini qamrab olgan zamonaviy urbanizatsiya va ilmiy yondashuvlar asosida yurtimizda ilk bor “aqlli” texnologiyalar joriy etiladi.
“Yangi Toshkent”da metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. Bunda, “yashil va xavfsiz shahar” tamoyili asosida piyodalar va velosipedlarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun yer osti turargohlari quriladi. Avtomobil qatnovi uchun 14 ta zamonaviy tunnel hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi.
Uchrashuv yakunida “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida yo‘llar va yo‘l o‘tkazgichlar qurish yo‘nalishida “Hunan Construction Investment Group”, shifoxonalar kompleksi qurilishi yo‘nalishida esa “Dauteen Medical and Health Industry Investment Group” kompaniyalari bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.