O‘zbekiston Xitoy chegarasida Qozog‘iston yuk terminallaridan foydalanadi

08.04.2024 00:00 O'zbekiston 5

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

d661e917-603f-24bb-3ea3-04ea9de2e3d2_lists_slider

President.uz saytidan olingan surat.

Muzokaralar chog‘ida alohida e’tibor hamkorlik loyihalarini jadallashtirish, yuqori darajada ilgari erishilgan kelishuvlarga muvofiq sarmoyaviy bitim va savdo shartnomalarini amalga oshirish masalalariga qaratilgan.

Ikki davlat rahbarlari mashinasozlik, energetika, transport-logistika, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish borasida Bosh vazir o‘rinbosarlari, hukumatlararo komissiya huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining ma’ruzalarini tingladilar.

Prezidentlar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasining uzoq muddatli dasturini shakllantirish, shuningdek, transport va energetika sohalarida infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berishdi.

Joriy yilda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo faoliyatini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Gumanitar va sayyohlik aloqalarini rivojlantirish, madaniyat, ta’lim va sport sohalarida yoshlar ishtirokida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mintaqaviy masalalar, xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatlarda boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi.

Prezidentlar ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar taqdimot zali, shuningdek, “Made in Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilgan O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar qilishicha, Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqalari hayotiy zarurat va faqat hamjihatlikda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash mumkin, deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan u Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 2034-yilgacha bo‘lgan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.

Mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida ikki davlat rahbarlari Qozogʻiston va Oʻzbekiston temir yoʻl maʼmuriyatlari oʻrtasida qoʻshma korxona tashkil etish, Qozogʻiston-Xitoy chegarasida O‘zbekistonni oʻzaro manfaatli yuk terminallari bilan taʼminlash, Xitoy-Qozog'iston-O'zbekiston marshruti bo'yicha yuk tashishni tashkil etish tashabbuslarini olqishladilar.

Loyiha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘payishiga, tashilayotgan yuklar hajmini oshirishga yordam beradi, shuningdek, ayni sohada janubiy yo‘nalishda qulay sharoitlar yaratadi.

Bundan tashqari, qo‘shma korxona Transafg‘on marshrutini rivojlantirishda ishtirok etadi.