Temuriylar tarixi davlat muzeyida "9-aprel — Amir Temur tavalludi kuni" munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
xs.uz saytidan olingan surat.
"Dunyo" axborot agentligi tomonidan xabar qilinishicha, tadbirga nafaqat yurtimiz tarixchilari va adabiyot ahli, balki xorijiy davlatlardan ham olimlar tashrif buyurdi. Anjuman davomida o‘rta asrning atoqli davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur haqida so‘z bordi va ta'kidlandiki, turli adabiyotlarda bir-biriga zid fikrlar mavjud bo‘lib, o‘sha mualliflar yashagan davr nuqtai nazari asosida baho berilgan.
Bugungi avlod uchun bobokalonimizning haqqoniy tarixi Sharofiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" kitobida aks etgan va uni adabiyotshunos olimlarimizning chuqur ilmiy izlanishlari asosida qayta nashr etildi. Kitobning dastlabki fors tilidan tarjimasi muallifi Omonullo Bo‘riyevdan so‘ng, Ibrohim Sulton va loyiha muharriri Muhammad Ali tomonidan yana ma'lumotlar bilan boyitilib, qayta to‘ldirildi va ming nusxada chop etildi.
Shu bilan birga kitobni o‘quvchilarga yanada qiziqarliroq va mutolaada qulayroq bo‘lishi uchun "Amir Temur va Temuriylar davri siymolari" deb nomlangan risolalar chop etilib, tadbirda ularning ham taqdimoti o‘tkazildi.
"Zafarnoma" tarixiy asar sifatida 14-15-asr boshida Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrini aks ettirgan noyob tarixiy memuar asar bo‘lib, doimo ilm ahli uchun o‘sha davrni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelgan va bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan nodir asar hisoblanadi.