Xitoylik ishbilarmon Yu Kun boshchiligidagi investorlar delegatsiyasi Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, Xitoy ishbilarmon doira vakillarini tuman rahbari Alisher Fayzullayev samimiy kutib oldi. Xitoy Xalq Respublikasining “GOOD Brothers International Trade and Investment Co LTD” kompaniyasi mas’ullari shu yerda viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Abdurasul Akramov, shuningdek, Shofirkon tumani sektorlari rahbarlari va boshqa tegishli tashkilot mutasaddilari bilan muloqotda bo‘ldi.
Uza.uz saytidan olingan surat
Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan xitoylik investorlar Shofirkon tumanida agrar tarmoqda “Osiyo” massividan 200 ming gektar yer ajratish, bu yerda paxta va g‘alla yetishtirish, parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, chunonchi, suv taqchilligini inobatga olgan holda tomchilatib sug‘orish uskunalarini ishlab chiqarish va qo‘llashda yaqin hamkorlik qilish tashabbusini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, hududda yengil sanoat sohasida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish, qurilish materiallarini tayyorlash va sotish, zamonaviy va ixcham, hamyonbop uy-joylarni qurish bo‘yicha yangi loyihalar xitoylik hamkorlar bilan birga muhokama qilinib, bu borada kelishuv memorandumi imzolandi.
Xitoy ishbilarmonlar uch kun mobaynida chekka tumanda bo‘lib, ko‘zda tutilayotgan loyihalarni o‘rganib, biznes loyihalar amaliyoti yuzasidan mavjud imkoniyatlarni chamalab, mahalliy tadbirkorlar bilan muloqotlar olib bordi.