Kecha Toshkentda "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi. "Dunyo" axborot agentligining xabar qilishicha, O'zbekiston tashqi ishlar vaziri raisligida o'tgan Strategik muloqotda ishtirokchi mamlakatlar hukumatlarining yuqori darajadagi vakillari boshchiligidagi delegatsiyalari qatnashdi.
Ochiq, konstruktiv va do'stona muhitda o'tgan yig'ilishda tomonlar 2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishini ko'rib chiqdilar.
Siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va atrof-muhitni himoya qilish yo'nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025-yilda Samarqandda o'tkazilishi rejalashtirilgan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha fikr almashildi.
O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yig'ilishning ochilish qismidagi nutqida, uchrashuv tarovatli bahor kunlarida nishonlangan Ramazon oyi va muborak Ramazon hayitidan so'ng o'tkazilayotganida ramziy ma'no borligini ta'kidladi.
"O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2023-yil iyul oyida Jidda shahrida bo'lib o'tgan Strategik muloqotning birinchi sammitida Markaziy Osiyo va Ko'rfaz mintaqasi xalqlarini qadimdan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyatlar va urf-odatlar, muqaddas islom dinimiz bog'lab turganligiga alohida urg'u bergani bejiz emas", dedi u.
Uchrashuvda so'zga chiqqan Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarning yuqori martabali vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlari ularning eng muhim savdo sheriklaridan biri ekanini ta'kidlab, ikki mintaqa o'rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar umumiy qadriyatlar va o'zaro manfaatlarga asoslangan barqaror va istiqbolli hamkorlikni mustahkamlashda sobitqadam va birdam ekanliklarini tasdiqladilar.
Yig'ilish yakuni bo'yicha Qo'shma bayonot qabul qilindi.
"Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig'ilishini 2026-yilda Kuvaytda o'tkazish to'g'risida kelishildi.