Kiyev shahrida O‘zbekiston tomonidan tadbirkor Zafar Hoshimov raisligida O‘zbekiston-Ukraina biznes kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

15-aprel, dushanba kuni Kiyevda O‘zbekiston-Ukraina biznes kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozgan Zafar Hoshimov.
Eslatib o‘tamiz, ushbu Kengash 2021-yilda O‘zbekiston va Ukraina Savdo-sanoat palatalari tomonidan tuzilgan. Undan ko‘zlangan maqsad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Ukraina elchilari Alisher Kurmanov hamda Nikolay Doroshenko, Ukraina SSP rahbari Gennadiy Chijikov, shuningdek, Ukraina ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikdagi mavjud muammolarni qayd etib, ularni bartaraf etish choralarini belgilab oldi.
Ukrainaning urushdan jabr ko‘rgan bir qator ishlab chiqarish korxonalarini O‘zbekistonga relokasiya qilish, shuningdek, kreativ iqtisodiyot (iqtisodiyotning asosiy qiymati intellektual faoliyat mahsulotlari bo‘lgan tarmog‘i) sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.