Xitoyning Nannin shahrida Xorazm viloyatining savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi
"Dunyo" axborot agentligi e'lon qilgan surat.
Xorazm viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida Guansi Chjuan avtonom hududining Nannin shahrida Xorazmning savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
O'zbekistonning XXRdagi elchixonasi, Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi, Guansi Chjuan avtonom hududi va Xalqaro savdoni rivojlantirish assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur hududning 200 ga yaqin kompaniyalari, savdo-iqtisodiy va turistik uyushmalari, ishbilarmon doiralari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi O'zbekiston va Xitoy hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo'jaligi, qurilish, tekstil va turizm sohalaridagi hamkorlik va almashinuvlarni yanada kengaytirishdan iborat bo'ldi.
Xorazm viloyatning savdo-iqtisodiy jihatdan jozibadorligi, turizm salohiyati hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va afzalliklar yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi. Ishtirokchilar viloyatda tashkil etilgan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirdilar. Shuningdek, Xorazm viloyatining turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi va video roliklar namoyish etildi.
Tadbir davomida O'zbekiston va Xitoy biznes vakillari o'rtasida B2B va G2B shaklida muzokaralar tashkil etildi. O'tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Xalqaro savdoni rag'batlantirish Guansi qo'mitasi va Xorazm viloyati Savdo-sanoat palatasi o'rtasida o'zaro hamkorlik bo'yicha memorandum imzolandi.