Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasida buyuk oʻzbek adibi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanining ilk arab tilidagi “Oʻtkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” deb nomlangan nashrining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" gazetasi veb saytida ma'lum qilindi.
Mashhur asar taniqli tarjimonlar Ayn-Shams va Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga oʻgirilgan.
Foto: "Xalq so‘zi"
Kitob taqdimoti Abdulla Qodiriyning 130-yilligini nishonlash doirasida yozuvchi nabirasi Xondamir Qodiriy, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari, mamlakatimiz OAV vakillari, yozuvchi va nufuzli jurnalistlar ishtirokida oʻtkazildi. Shuningdek, unda asar tarjimonlari Ayn-Shams, Luksor universiteti professori Muhammad al-Jibali, Misr-Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati raisi Magdi Zaʼbal, mahalliy ekspertlar va OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirni Oʻzbekiston elchisi Mansurbek Qilichev ochib berdi. Elchi oʻz nutqida oʻzbek adabiyotining buyuk namoyandalari, ularning betakror asarlari haqida soʻz yuritar ekan, Abdulla Qodiriy 20 asr oʻzbek adabiyotida yorqin iz qoldirganini taʼkidladi.
“Oʻtkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilinishi oʻzbek madaniyati, mintaqa tarixi, oʻzbekona odob-axloq kabi fazilatlarni Yaqin Sharq xalqlari orasida keng targʻib etishda xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Asar tarjimonlaridan biri Muhammad al-Jibali oʻz maʼruzasida oʻzbek xalqi uchun qadrdon boʻlgan ushbu asarni arab tiliga tarjima qilganidan bagʻoyatda mamnunligini bildirar ekan, ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Qayd etish kerakki, tarjimada asarning eski oʻzbek yozuvidagi ilk nusxasidan hamda rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanildi.
Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, “Oʻtkan kunlar” romanining arab tiliga tarjima qilishda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Said Mahmud Kosoniy, doktor Murtazo Saydumarov, shayx Husaynxon Yahyo Abdumajidov, Misr-Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati raisi, professor Magdi Zaʼbal, tarjimon Feruza Galiyeva hamda oʻzbek tili boʻyicha mutaxassislar Rahma Ibrahim, Habiba Mehmet Ali va boshqalarning yordamlari cheksiz boʻldi.
Chop etilgan kitob muqovasida Abdulla Qodiriy avlodlari tavsiyasiga koʻra, “Oʻtkan kunlar” romanining 1925-yildagi ilk nashrining suratidan foydalanildi. Kitob qattiq muqovada va sargʻish rangli silliq qogʻozda chop etildi. Mintaqadagi eng yirik “Dor ul-Maorif” nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan kitobni Misrdagi barcha yirik kutubxonalar va universitetlar, taʼlim va madaniyat muassasalari, davlat idoralari, Qohiradagi diplomatik korpus oʻrtasida tarqatish rejalashtirilgan. Boshqa arab davlatlarida ham mazkur roman tarjimasini qayta chop etish nazarda tutilmoqda.
“Oʻtkan kunlar” romanini arab tilida mutolaa qilishni istagan yurtdoshlarimiz, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga yoki Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkin.
Ushbu kitob tez fursatlarda mamlakatimizdagi yirik kutubxonalar va universitetlarga ham taqdim etiladi, shuningdek, bepul onlayn platformalarga joylashtiriladi.