O‘zbekiston YUNЕSKOning Buyuk ipak yo'li dasturi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

28.04.2024 00:00 O'zbekiston 5

O'zbekistonning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi Tashkilot bosh qarorgohida o'tkazilgan Buyuk ipak yo'li dasturining yig'ilishida ishtirok etdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

1714280348952_IMG20240428095402362jpg

Foto: Dunyo AA

Qayd etilishicha, tadbirda, shuningdek, YUNЕSKO bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo'yicha o'rinbosari Gabriela Ramos, Qozog'iston, Xitoy, Ozarbayjon, Oman, Mo'g'uliston, Yaman va boshqa davlatlarning mazkur Tashkilot huzuridagi doimiy vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari qatnashgan.

YUNЕSKO rahbari o'rinbosari Gabriela Ramos Buyuk ipak yo'li dasturining faoliyati yuzasidan hisobot taqdim etib, yaqin istiqboldagi rejalar bilan o'rtoqlashdi.

Taqdimotda dastur doirasida hozirda amalga oshirilayotgan "Buyuk ipak yo'li yoshlar nigohlarida" fotosuratlar tanlovi, "Buyuk ipak yo'li yoshlar tadqiqot granti", "Buyuk ipak yo'li dasturi uchun mas’ul shaxslarning xalqaro tarmog'i" va "Buyuk ipak yo'lida madaniy almashinuvlarning tematik to'plami" tashabbuslari haqida ma’lumot berildi.

YUNЕSKO bosh direktori o'rinbosari Buyuk ipak yo'li dasturining boshqa xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishdagi ishtirokiga ham e’tibor berib, bu borada O'zbekiston bilan hamkorlikdagi loyihalarga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, YUNЕSKO Buyuk ipak yo'li dasturi bilan hamkorlikda 2021-yil 14-15-sentyabr kunlari Xiva shahrida tashkil etilgan "Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" xalqaro madaniyat forumi va 2023-yil 4-8-sentyabr kunlari YUNЕSKO bosh qarorgohida ulug' alloma Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag'ishlab o'tkazilgan xalqaro ko'rgazma hamda konsert dasturiga yuqori baho berdi.

Mazkur hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida hozirda Sun’iy idrok sohasida odob-axloqni targ'ib etish orqali ilmiy muloqotni rag'batlantirish bo'yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi

YUNЕSKO-O'zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etish borasida tegishli ishlar olib borilayotganligini ma’lum qildi.

2025 yilda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tarixan Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan Samarqand shahri mezbonlik qilishini inobatga olinib, anjuman doirasida hamkorlikda mazkur dastur faoliyatiga bag'ishlangan qo'shimcha tadbir (sayd-ivent) tashkil etish taklif etildi.

Yig'ilishda so'zga chiqqan davlatlar vakillari tomonidan Buyuk ipak yo'li dasturining faoliyatiga ijobiy baho berilib, unga keng jamoatchilikni jalb qilish va natijalarini namoyish qilish bo'yicha faoliyatni yanada jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Doimiy vakolatxona O'zbekiston tomonidan Buyuk ipak yo'lida joylashgan davlatlar bilan o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat berilayotganligini, shuningdek, kelgusida ham mazkur dasturda faol ishtirok etishga tayyorlik bildirildi.

O'zbekiston dastur doirasidagi "Buyuk ipak yo'li yoshlar nigohlarida" fotosuratlar tanlovi, "Buyuk ipak yo'li yoshlar tadqiqot granti", "Buyuk ipak yo'li dasturi uchun mas’ul shaxslarning xalqaro tarmog'i" va "Buyuk ipak yo'lida madaniy almashinuvlarning tematik to'plami" tashabbuslarini amalga oshirish bo'yicha o'zaro hamkorlikni yanada jadallashtirish, xususan, ularda respublika vakillari ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Yig'ilish ishtirokchilariga 2025-yilda Samarqand shahrida o'tkaziladigan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik bo'yicha respublikada amalga oshirilayotgan amaliy sa’y-harakatlar haqida batafsil ma’lum berildi. Bo'lajak anjuman doirasida YUNЕSKOning Buyuk ipak yo'li dasturi tomonidan qo'shimcha tadbir o'tkazishda barcha zaruriy ko'mak ko'rsatilishi ma’lum qilindi.

YUNЕSKOning Buyuk ipak yo'li dasturiga mazkur qadimiy savdo, ilm-fan va madaniy almashuv tarmog'ining boy tarihi va umumiy merosini o'rganish, turli madaniyatlarning o'zaro ta’sirini tadqiq etish maqsadida 1988-yilda asos solingan.

Buyuk ipak yo'li dasturi doirasida ushbu tarixiy tarmoq bo'ylab shakllangan kelgan hamkorlik aloqalarni raqamli muhitda qayta tiklash va kengaytirish bo'yicha tashabbuslar amalga oshirib kelinmoqda.

2023-yil 6-aprelda ushbu dasturning 35 yilligi YUNЕSKO bosh qarorgohida keng nishonlangan edi.