Joriy yilning 29-iyun kuni O‘zbekistonning 16 shahrida Xalqaro Olimpiya kuni, Bolalarni himoya qilish kuni va Yoshlar kuniga bag‘ishlangan «Yangi Nafas» an’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Shu kuni Toshkentda oliy harbiy o‘quv muassasalari bitiruvchilari ishtirokida Vatan Qalqoni harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi ham o‘tkaziladi.
Mazkur keng ko‘lamli sport tadbirining ishtirokchilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi qatnashadi.
Yangi Nafas loyihasi 2020 yildan boshlab nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarni ham qamrab olgan keng ko‘lamli sport harakatiga aylangan. O‘tgan yillar davomida 750 mingdan ziyod kishi unda faol ishtirok etib, sog‘lom va faol turmush tarzini targ‘ib etish orqali ommaviy yugurish musobaqalarini sport bayramiga aylantirdi.
«BYD Yangi nafas» va Vatan qalqoni ommaviy yugurish musobaqalarida maktab o‘quvchilari, talabalar, sayyohlar, tadbirkorlik va davlat tuzilmalari vakillari, harbiy xizmatchilar, jamoat arboblaridan iborat 60 mingga yaqin kishi ishtirok etadi.
An’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi masofasi 3 km bo‘lib, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Nurafshon, Navoiy, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Qarshi, Buxoro, Qorovulbozor, G‘uzor, Urganch va Nukus shaharlarining markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tadi.
Toshkentda poyga starti «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida beriladi. Barcha ommaviy yugurish musobaqalari bir vaqtning o‘zida ertalab soat 07:00 da boshlanadi.
Har bir shaharda ommaviy yugurish musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tayyorlangan malakali hakamlar, murabbiylar va ko‘ngillilar tadbirga jalb etiladi.
— O‘zbekistonda ommaviy sport qayta jonlanishni boshidan kechirmoqda. Fuqarolar sport tadbirlarining faol ishtirokchisiga aylanib, ommaviy yugurish musobaqalari va marafonlarni targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘p yillik ishlar o‘z samarasini bermoqda, — deydi Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev. — Iqtidorli sportchilar yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda va Xalqaro Olimpiya kuniga bag‘ishlangan «BYD Yangi Nafas» ommaviy yugurish musobaqasi yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rayotgan sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlashda muhim tashabbus bo‘ladi”.