11
11

Marko Rubioning Oʻzbekistonga tashrifi: muzokaralar, yangi kelishuvlar va hamkorlik istiqbollari

foto: xs.uz
foto: xs.uz
19.10.2026 13:30 O'zbekiston 4766
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga keldi.
"Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, Samarqandda oʻtayotgan tashrif doirasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama markazida.

Marko Rubio 18-oktyabr kuni Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan Samarqandga tashrif buyurdi. Uni Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi.

Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi C5+1 formatidagi uchrashuvda ishtirok etish, shuningdek, ikki tomonlama iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

Rubioning taʼkidlashicha, delegatsiya tarkibida qariyb 300 ta AQSH kompaniyasining vakillari bor. U ushbu uchrashuvlar natijasida mintaqadagi mamlakatlar va AQSH uchun iqtisodiy manfaat keltiradigan milliardlab dollarlik bitimlarni imzolash imkoniyati mavjudligini bildirdi.

Registondagi uchrashuv va jurnalistlar bilan muloqot

19-oktyabr kuni ertalab Marko Rubio rafiqasi Janett Rubio bilan Samarqanddagi Registon maydonida boʻldi. Unga Saida Mirziyoyeva va Baxtiyor Saidov hamrohlik qildi.

AQSH Davlat kotibi tarixiy maydon bilan tanishuvdan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi. Uning Oʻzbekiston haqidagi fikrlari, ikki mamlakat munosabatlarining istiqbollari va AQSH prezidenti Donald Trampning Oʻzbekistonga ehtimoliy tashrifi jurnalistlar savollarida asosiy oʻrin tutdi.

Rubio Registonning tarixiy ahamiyatiga toʻxtalib, bu hudud asrlar davomida savdo yoʻllari kesishgan muhim maskan boʻlganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, bugun ham mintaqadagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va savdo hajmini oshirish AQSH uchun muhim ahamiyatga ega.

«Oʻzbekiston — mintaqaning tamal toshi»

Jurnalistlar bilan suhbatda Marko Rubio Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi oʻrni va mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi haqida fikr bildirdi.

U Oʻzbekistonni mintaqaning eng koʻp aholiga ega davlati sifatida taʼriflab, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini yuqori baholadi. Davlat kotibi mamlakat yalpi ichki mahsuloti yillik oʻsishi qariyb 8 foizni tashkil etayotgani haqida oʻqiganini aytib, bu koʻrsatkichni «ajoyib» deb atadi.

Rubio Oʻzbekistonning soʻnggi oʻn yilda iqtisodiy oʻsish va aholi farovonligini oshirish borasida erishgan natijalarini ham eʼtirof etdi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH ushbu rivojlanish surʼatlarining davom etishini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor.

Davlat kotibi ikki mamlakat munosabatlarining asosini muammo va ziddiyatlar emas, balki oʻzaro iqtisodiy imkoniyatlar tashkil etishini taʼkidladi. U Amerika kompaniyalarining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.

AQSH prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi muhokamada

Jurnalistlar Marko Rubiodan AQSH prezidenti Donald Trampning Oʻzbekistonga ehtimoliy tashrifi haqida ham soʻradi.

Davlat kotibi hozircha tashrifning aniq sanasi maʼlum emasligini, biroq kelgusi yilda bu masala ustida ishlash va maqbul sanalarni koʻrib chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.

«Agar imkoniyat boʻlsa, prezident bu yerga kelishni xohlaydi, deb oʻylayman. Uning oʻzi ham shunday degan», — dedi Rubio.

U prezidentning safarlar jadvali boʻyicha hozircha aniq maʼlumot bera olmasligini qayd etdi.

C5+1 formati va mintaqaviy hamkorlik

Marko Rubio AQSHning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlariga ham toʻxtaldi. Uning taʼkidlashicha, mintaqa soʻnggi 20 yil davomida Amerika siyosatchilari tomonidan yetarlicha eʼtibor olmagan, biroq hozir bu holat oʻzgarmoqda.

Davlat kotibi AQSH Markaziy Osiyoda ishonchli hamkor boʻlishni, mintaqadagi davlatlar bilan savdo va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishni istashini bildirdi. U C5+1 formatidagi uchrashuvlarni ham ushbu hamkorlikni rivojlantirishning muhim vositasi sifatida baholadi.

Samarqanddagi tadbirlar doirasida mintaqa davlatlari va AQSH tashqi ishlar idoralari rahbarlarining uchrashuvi, shuningdek, Amerika va Markaziy Osiyo kompaniyalari oʻrtasidagi iqtisodiy muloqotlar oʻtkazilishi belgilangan.

Oʻzbekiston–AQSH strategik sheriklik muloqotining birinchi yigʻilishi

Registon maydonidagi tadbirlardan soʻng Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston–AQSH kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Baxtiyor Saidovning maʼlum qilishicha, mazkur mexanizmning ishga tushirilishi ikki mamlakat munosabatlarini izchil rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadamdir.

Muzokaralarda ikki davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilgʻor texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar taʼlim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratdi. Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri mazkur muloqot oʻzaro ishonchni mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni ilgari surish uchun asos boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston «Artemida» bitimlarini imzoladi

Ikki tomonlama muzokaralardan soʻng Baxtiyor Saidov va Marko Rubio kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq etish va undan foydalanishga oid «Artemida» bitimlarini imzoladi.

Ushbu hujjat Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tadqiq etish hamda ulardan tinch maqsadlarda foydalanish boʻyicha xalqaro hamkorlik tamoyillarini belgilaydi.

Baxtiyor Saidovning taʼkidlashicha, bitim Oʻzbekistonning NASA va unda ishtirok etuvchi boshqa davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash va kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shu tariqa, Oʻzbekiston «Artemida» bitimlarini imzolagan 77-davlat boʻldi.

Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha uchrashuvlar ham oʻtkazilmoqda

Siyosiy tadbirlar bilan bir qatorda, Samarqandda Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tayyorlangan ishbilarmonlik dasturi ham amalga oshirilmoqda.

19-oktyabr kuni raqamli texnologiyalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash, mineral resurslar, energetika va transport, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik, moliya va investitsiyalar yoʻnalishlarida oltita tarmoq sessiyasi oʻtkazilishi belgilangan.

Ularda Google, Meta, Boeing, Wabtec, Air Products, GE HealthCare, Valmont Industries, Citigroup, JPMorgan va Franklin Templeton kabi kompaniyalar vakillarining ishtiroki eʼlon qilingan. Mineral resurslar yoʻnalishida esa Traxys, FLSmidth va ReElement kompaniyalari qatnashishi maʼlum qilingan.

Tarmoq sessiyalaridan tashqari, kompaniyalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar, shuningdek, biznes va davlat organlari vakillari oʻrtasida investitsiya loyihalarining shartlari hamda moliyalashtirish manbalarini muhokama qilishga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Mazkur tadbirlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va kompaniyalar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.