11
11

Oʻzbekistonda oʻlat kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror

08.10.2026 08:10 O'zbekiston 4992

Rossiyaning Irkutsk shahrida oʻlat kasalligiga gumon qilingan holat qayd etilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Oʻzbekistonda esa mazkur kasallik bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, mamlakatda oʻlat kasalligi bilan bogʻliq xavotirlanishga asos yoʻq.

Rossiya Federatsiyasining «Rospotrebnadzor» tashkiloti rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Irkutsk shahrida kuzatilgan holatning oʻlat kasalligi, xususan, uning oʻpka shakli bilan bogʻliq ekani hozircha tasdiqlanmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.

Oʻlat bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan oʻta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Uning tabiiy oʻchoqlari dunyoning ayrim hududlarida mavjud. Kasallik asosan mayda sut emizuvchi hayvonlar orasida uchraydi. Insonga esa koʻp hollarda kasallangan hayvonlar yoki ulardagi burgalar chaqishi orqali yuqishi mumkin.

Oʻzbekistonda oʻlat va boshqa oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi yaratilgan.

Xususan, davlat chegaralarini kesib oʻtish joylarida, jumladan, xalqaro aeroportlar, temir yoʻl stansiyalari va avtomobil yoʻllarida 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Ular orqali xorijdan Oʻzbekistonga kirib kelayotgan shaxslar tibbiy kuzatuvdan oʻtkaziladi.

Shuningdek, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni aniqlashga ixtisoslashgan laboratoriyalari zarur diagnostik vositalar, ozuqa muhitlari, reagentlar va reaktivlar bilan toʻliq taʼminlangan.