Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilmoqda. Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zoʻravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini taʼminlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodeksiga hamda bir qator qonunlarga prinsipial va qatʼiy oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga –25-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.
Ushbu toifadagi jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati oʻtib ketganligi qoʻllanilmaydi, shuningdek, bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi.








Sud va tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zoʻravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni soʻroq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan oʻtkazish hamda bolaga protsessual jarayon boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Shuningdek, taʼlim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmoqda.
Ota-onalarning bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun maʼmuriy jazolar keskin kuchaytirilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Muhokama yakunida Senat aʼzolari Qonunni maʼqulladi.