Oʻzbekiston 2027-yilda MDHga raislik qiladi

Minsk shahrida tashkil etilgan muloqot chogʻida tomonlar Oʻzbekistonning MDH doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikdagi ishtirokiga oid masalalarni muhokama qildi.

Sergey Lebedev soʻnggi oʻn yillikda Oʻzbekistonning Hamdoʻstlik faoliyatidagi ishtiroki sezilarli darajada kengayganini taʼkidladi. Mamlakat MDH doirasida qabul qilingan hujjatlarga faol qoʻshilibgina qolmay, balki yangi tashabbuslar muallifi sifatida ham maydonga chiqmoqda.

MDH bosh kotibining taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat vakillarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu borada iqtisodiy zonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, startaplar va innovatsiyalarni ilgari surish tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, MDH venchur platformasini yaratish hamda energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturini tayyorlash loyihalari ham alohida eʼtiborga loyiq.

2024-yilda Toshkent MDHning birinchi Yoshlar poytaxti boʻldi. 2025-yilda esa Oʻzbekiston poytaxtida MDHga aʼzo davlatlarning birinchi Mintaqalar forumi boʻlib oʻtdi. “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi va “MDH Innovatsion sanoati” forumi kabi bir qator yirik tadbirlar joriy yilda ham muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Bosh kotib 2027-yilda Hamdoʻstlikka Oʻzbekiston raislik qilishini qayd etdi. Mamlakat tashkilotga ikkinchi bor raislik qiladi. 2020-yilda Oʻzbekiston pandemiyaning murakkab davriga qaramay, ushbu masʼuliyatli vazifani munosib uddalagan edi.