Adliya vazirligi Sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha etika qoidalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami: 3787, 14.03.2026-y.).
Ushbu hujjat bilan sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda quyidagi etika tamoyillari belgilanmoqda:
— qonuniylik;
— shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilishning ustuvorligi;
— tushunarlilik;
— masʼuliyat, javobgarlik va nazorat;
— adolatlilik va kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;
— ochiqlik va shaffoflik;
— maʼlumotlar himoyasi;
— ishonchlilik va xavfsizlik.
Quyidagi qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanmaslik talabi belgilanmoqda:
— inson huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlar;
— sogʻliqni saqlash (kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash va boshqalar) va boshqa sohalardagi qarorlar.
Sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlarini ishlab chiquvchi va joriy etuvchi foydalanuvchilarga:
— ulardan qanday maqsadda foydalanish mumkinligi yoki taqiqlanishi,
— sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar yoki qarorlar doim toʻgʻri boʻlmasligi;
— ularning natijalaridan tavsiyaviy yoki maʼlumot uchun foydalanish mumkinligi haqida maʼlumot berishi lozim.
Shu bilan birga, qoidalarda sunʼiy intellekt ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.