Prezident raisligida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va tirbandlikni kamaytirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Unda qayerda hokim va YHXX birgalikda yoʻl infratuzilmasi bilan jiddiy shugʻullansa, oʻsha yerda oʻzgarish kuzatilayotgani qayd etildi.
Misol uchun, Chustdan oʻtgan D-105 Fargʻona halqa yoʻlining 6 kilometriga muhofaza toʻsiqlari oʻrnatilgani uchun bu yil oʻlim bilan bogʻliq avariya boʻlmadi (ilgari bu yoʻlda yiliga 10 nafar odam vafot etardi).
Prezident topshirigʻiga koʻra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yoʻllar holati oʻrganildi.
1 ming 557 kilometr yoʻllarda beton va temir toʻsiqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yoʻl belgisi yetishmasligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz yoʻl infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish boʻyicha “Xavfsiz yoʻl” milliy dasturi boshlanishini eʼlon qildi.
“Xavfsiz yoʻl” milliy dasturi doirasida “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi faoliyati qayta tashkil qilinib, Hukumat boʻysunuviga oʻtkaziladi.
Har bir viloyatda jamgʻarmaning alohida filiallari boʻladi.
Bu yil jamgʻarmaga barcha manbalar hisobidan 400 milliard soʻm tushishi prognoz qilingan.
Bunga qoʻshimcha, foto-video radardan byudjetga tushadigan jarimaning 25 foizi ham jamgʻarma va uning filiallariga yoʻnaltiriladi.
YHXX tizimidagi yoʻl belgilari va svetofor oʻrnatish, yoʻl chiziqlarini chizishga masʼul korxonalar ham viloyatga oʻtkaziladi.
Jamgʻarmaning faoliyati shaffof boʻladi, unga viloyat YHXB va yoʻl boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi.
Bundan buyon ushbu jamgʻarma mablagʻlari birinchi galda avariya oʻchoqlari boʻlgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yoʻnaltiriladi (yoʻlni ajratuvchi toʻsiqlar, yoʻl belgilari, yoritgichlar oʻrnatish, piyoda yoʻlaklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish).