Foto: chinadaily
O‘zbekiston mart oyida ham oltin savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Jahon Oltin Kengashining (WGC) oylik ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan.
Hisobot davrida jahon markaziy banklarining jami oltin zaxiralari 16 tonnaga oshgan. Xususan, xaridlar hajmi 40 tonnani, sotuvlar hajmi esa 25 tonnani tashkil etgan.
Mart oyida qimmatbaho metallarning eng faol xaridorlari Turkiya (14 tonna), Xitoy (5 tonna) va Hindiston (5 tonna) Markaziy banklari bo‘ldi.
Mazkur vaqtda oltinning asosiy sotuvchisi O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi va o‘z zaxiralarini 11 tonnaga qisqartirdi. Shuningdek, Tailand (10 tonna) va Iordaniya (4 tonna) Markaziy banklari tomonidan ham katta miqdorda oltin sotilgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida O‘zbekiston 1,35 mlrd dollarlik, yil boshidan buyon esa 2,66 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. Bu mamlakat umumiy eksportining 41,7 foizini tashkil etadi.