O‘zbekiston inson huquqlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash borasida yuqori natijalarga erishgan davlat sifatida e’tirof etildi

16.06.2025 00:00 O'zbekiston 6

Joriy yilning 2-13-iyun kunlari Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining navbatdagi 113-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

mfEZqgcOfIqi1CX9r3Yjkgrjk1zrzq

Foto: Senat.uz

Qayd etilishicha, har yili o‘tkaziladigan an’anaviy konferensiya ishida Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo 187 ta davlatdan qariyb 5 ming ziyod vakillar, shu jumladan, hukumat, kasaba uyushmalari hamda ish beruvchilar uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibidan ish joylarida biologik xatarlardan himoyalanishni ta’minlashda xalqaro standartlarni qo‘llash, platformali bandlik, rasmiy iqtisodiyotga o‘tish, shuningdek, joriy yilning noyabr oyida Qatarda o‘tkaziladigan ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Butunjahon sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari o‘rin oldi. 

Sessiya ishida Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi T.Narbayeva boshchiligida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Ish beruvchilar konfederatsiyasi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

r8eYl9SEqdvJYRiy50kZYB8RTR2ZO6

Foto: Senat.uz

O‘zbekiston delegatsiyasi sessiya doirasidagi XMT Bosh direktorining “Ish o‘rinlari, huquqlar va o‘sish: o‘zaro aloqalarni mustahkamlash” mavzusidagi ma’ruzasini muhokama qilishga bag‘ishlangan yalpi majlisda, XMT qo‘mitalaridagi muhokamalarda, Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiya forumida hamda Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi.

Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasi doirasida 12-iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus konferensiyada O‘zbekiston tajribasi XMTga a’zo 187 ta davlatlar orasida qisqa vaqt mobaynida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham bergan davlat sifatida taqdimot qilindi.

Unda Tanzila Narbayeva “Bolalar mehnatiga barham berishda O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi. 

Milliy komissiya raisi o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi hamda shaxsiy tashabbusi bilan ushbu illatga qarshi ko‘rilayotgan qat’iy amaliy choralar  o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatganligini ta’kidlab o‘tdi. 

Bundan tashqari, mamlakatimizning bolalar mehnati va majburiy mehnatga nisbatan qat’iy pozitsiyasi, ularning taqiqlanishi Konstiutsiya darajasida mustahkamlangani sohaga oid islohotlarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Xalqaro ish beruvchilar Konfederatsiyasi, YuNISEF kabi xalqaro tashkilotlar hamda Germaniya, Braziliya, Filipin, Marokash va Chili hukumati vakillari ma’ruza bilan ishtirok etdi. 

Ekspertlar tomonidan O‘zbekiston tajribasi bugungi kunda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurash olib borayotgan davlatlar uchun model bo‘la olishi alohida e’tirof etildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining tashabbusi hisoblangan Ijtimoiy adolat uchun Global koalitsiyasida O‘zbekiston birinchi a’zo mamlakat sifatida ishtirok etdi.

Jenevadagi Xalqaro mehnat konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy adolat bo‘yicha Global koalitsiyasi forumida Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlash va har bir fuqaroga munosib turmush sharoitlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, ijtimoiy himoyaga endilikda nafaqat imtiyoz, balki fundamental huquq sifatida qaralmoqda. Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 2030-yilgacha ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiya universal qamrov, ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy sug‘urta va mehnat bozorida faol choralarni o‘z ichiga oladi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, samarali boshqaruv va ekologik barqarorlikka erishishni asosiy ustuvorlik deb biladi. Ushbu tamoyillar inson huquqlariga asoslangan iqtisodiy yondashuv bilan uyg‘unlashadi.

Tadbirda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida erishilgan ijobiy tajribani e’tirof etdi. O‘zbekiston inson huquqlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash borasida yuqori natijalarga erishgan davlat sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston xalqaro hamkorlikka ochiqligini, tajriba almashishga tayyorligini va har bir siyosat, budjet hamda islohot inson huquqlarini inobatga olgan holda shakllantirilishi zarurligi borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi.

 Shuningdek, Jenevaga tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Xalqaro mehnat tashkilotining Bosh direktori Jilber Ungbo, Bosh direktor o‘rinbosari Beate Andres, Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori Korinn Varga hamda “Better Cotton” tashkiloti rahbari Alan Makkley bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ta’minlash, ish joylarida xavfsiz va adolatli sharoitlarni yaratish, mehnat huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar alohida qayd etildi. 

Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Ungbo kuchli ijtimoiy siyosat, ijtimoiy adolat tamoyillari muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekistonning ilg‘or tajribasi dunyo mamlakatlari uchun namuna bo‘layotganini inobatga olib, Xalqaro mehnat konferensiyasining navbatdagi 114-sessiyasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ochib berishi taklifini bildirdi.