Yurtimizda issiqxona sharoitida yetishtirishga mos, yuqori hosildorlikka ega va kasalliklarga chidamli qovun navlari hamda F1 duragaylarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli va maqsadli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Foto: Gov.uz
Bu tadqiqotlar Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan professional darajada tashkil etilgan bo‘lib, seleksion ishlarga zamonaviy yondashuv, chuqur tahlil va innovasion usullar keng jalb qilingan.
Olib borilayotgan izlanishlar doirasida 30 dan ortiq mahalliy va xorijiy genetik kolleksiyalar, shuningdek, 10 ga yaqin seleksion liniya va duragaylar o‘rganilmoqda. Ulardan iqlimga mosligi, hosildorligi va bozorboplik darajasi bo‘yicha eng istiqbollilar tanlab olinib, shu asosda yangi turdagi qovun navlari yaratilmoqda
Issiqxonada qovun yetishtirish nafaqat yer maydonidan samarali foydalanish, balki hosildorlikni ikki baravar oshirish imkonini ham beradi. Bir gektar maydonga 10–12 mingdan ziyod ko‘chat joylashtirish imkoni mavjud bo‘lib, bu har gektardan 60 tonnagacha sifatli hosil yetishtirishga sharoit yaratadi.