Senat: suv taqchilligi 2030-yilga borib 15 milliard m3 ni tashkil qilishi mumkin

15.03.2024 00:00 O'zbekiston 7

Suv xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini keng joriy etishga e’tibor qaratilmoqda. Innovatsiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq xizmatlarni tashkil qilish borasida muayyan ishlar qilindi.

3NzItbNlb1n9cEKY2Z8aqvc4YLdlGlFs_front

O‘zbekiston milliy axborot agentligi tomonidan e'lon qilingan xabarda bildirilishicha, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050-yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. O‘zbekistonda 2015-yilgacha bo‘lgan davrda suvning umumiy taqchilligi 3 milliard m3 dan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030-yilga borib 15 milliard m3 ni tashkil qilishi mumkin.

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy qilish: muammolar va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, mintaqada so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, qor va yomg‘irlarning kam bo‘layotgani, muzliklarning va yirik daryolar havzalarida, kichik daryo va soylarda suv miqdorining kamayib borayotgani, shuningdek, transchegaraviy suvdan foydalanish muammolari tufayli respublikada o‘rtacha yillik 51 - 53 milliard m3 suv resurslaridan foydalanilmoqda (97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi yer ostidan). Ko‘rsatkich ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga qisqargan.

Respublika bo‘yicha iqtisodiyot sohalarida keyingi 10-yilda foydalanilgan o‘rtacha yillik suv miqdori 51,9 milliard m3, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida 46,8 milliard m3 (90 foiz), sanoatda 0,75 milliard m3 (1,5 foiz), issiqlik energetikasida 0,3 milliard m3 (0,6 foiz), kommunal-maishiy xo‘jalik sohasida 2,7 milliard m3 (5,2 foiz), baliqchilikda 0,74 milliard m3 (1,4 foiz), boshqa sohalarda 0,6 milliard m3 (1,3 foiz)ni tashkil etgan. 

Tadbir davomida  2023-yilda sohada bir qator natijalarga erishilgani ham qayd etilgan.

Xususan, irrigatsiya yo‘nalishida 393 km kanal, 58 km lotok, 19 ta gidrotexnika inshooti, 4,3 m3/s nasos stansiyalari, 4,6 km bosimli quvurlar, ikkita ko‘prik va 60 ta sug‘orish quduqlari qurilgan va rekonstruksiya qilingan, 9,1 km qirg‘oq himoya ishlari bajarilgan.

Melioratsiya yo‘nalishida 230 km ochiq, 156 km yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 6 ta vertikal drenaj qudug‘i, 59 ta gidrotexnik inshoot, 58 ta kuzatuv qudug‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarining texnik holati yaxshilanib, loyihalar hududidagi 208 ming gektar maydonlarning suv ta’minoti va 106 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarining meliorativ holati yaxshilanishiga zamin yaratilgan.

Senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, olimlar, amaliyotchilar ishtirok etgan anjuman yakunida sohani rivojlantirishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi.