Joriy yilning 6-may kuni Oʻzbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida firibgarlik va odam savdosi jinoyatini sodir etishda ayblanayotgan mamlakatimiz fuqarosi R.O qoʻlga olingan. Bu haqda Istanbuldagi Oʻzbekiston konsulxonasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1979-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgani aytilayotgan R.O Istanbul shahrining Fotih tumanida ushlangan.
Foto: xs.uz
“Keyingi vaqtlarda AQSH, Kanada yoki Yevropa davlatlarga borish uchun viza rasmiylashtirib berish vaji bilan firibgarlik sodir etilishi holatlari yuzasidan Bosh konsulxonamizga kelayotgan murojaatlar soni ortganligini inobatga olib, fuqarolardan firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh boʻlishlarini soʻraymiz”, deyiladi konsulxona xabarida.
Maʼlumot uchun, R.O Samarqand viloyatida fuqarolarning koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirishda, shuningdek Istanbul shahrida boʻlgan davrida 2022-2023-yillar mobaynida bir qancha Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya — Ispaniya — Nikaragua — Meksika yoʻnalishi boʻylab AQSHga yuborishni vaʼda qilib, firibgarlik yoʻli bilan ularning har biridan 10-15 ming AQSH dollari olib, vaʼdasini bajarmasdan, oʻzining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.