Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi o‘z ishini boshladi

Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi o‘z ishini boshladi

13.05.2024 00:00 O'zbekiston 6

Bugun Samarqand shahrida "Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv" mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi o'z ishini boshladi.

1715580032495_057png

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" axborot agentligining xabar berishicha, forumning maqsadi mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashishdan iborat.

Mazkur anjumanni o‘tkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surilgan edi.

Forum ishida Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a'zolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari ishtirok etmoqda.

Anjuman doirasida xotin-qizlarning fan, ta'lim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag'allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ko'rib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo'ravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Ishtirokchilar, shuningdek, BMTning Xotin-qizlar maqomi bo'yicha komissiyasining 68-sessiyasi qarorlarining amaliy ijrosi, ayollarning biznes va jamiyatdagi ishtiroki uchun iqtisodiy imkoniyatlarni rag'batlantirishda parlamentlarning roli, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining mintaqa xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi rolini muhokama qiladilar.