O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida Tojikiston Majlisi Oli Majlisi namoyandagon Raisi o‘rinbosari Mavsuma Muini bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Foto: Senat.uz
Qayd etilishicha, uchrashuvda tomonlar do‘stona va samimiy ruhdagi ikki davlat hamkorligi natijasida ko‘plab sohalar rivojlanayotganiga, ayniqsa, parlamentlararo aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida taʼkidladilar.
Shuningdek, Mavsuma Muini O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilgan Osiyo xotin-qizlari forumining ahamiyati va uning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rnini taʼkidlab, albatta, ushbu forumda muhokama qilingan masalalar barcha davlatlar uchun samarali yechimlarni ishlab chiqishda dasturul amal bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Foto: Senat.uz
Bundan tashqari, tomonlar ikki xalqning anʼanalari, urf-odatlari o‘xshashligidan kelib chiqib, madaniy hamkorlikni rivojlantirishga eʼtibor qaratdilar. Bu o‘z navbatida o‘zbek va tojik xalqlarini bir-biriga yana-da yaqinlashtirishda muhim vosita bo‘lishi alohida qayd etildi.