Oʻzbekistonliklar uchun haj kvotasi soni maʼlum boʻldi

Oʻzbekistonliklar uchun haj kvotasi soni maʼlum boʻldi

21.05.2024 00:00 O'zbekiston 6

Joriy yilda ham O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilandi. Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Ilhom Maʼrupov “Haj-2024” mavsumiga koʻrilayotgan tayyorgarlik xususidagi brifingda ma'lum qildi. 

Qayd etilishicha, “Haj-2024” mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida bo‘lib, yurtdoshlarimiz uchun barcha sharoitlarni hozirlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar.

Shuningdek, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar shay holatga keltirilgan hamda yurtdoshlarimizni kutib olish bo‘yicha barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi.

Yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 23 maydan 7 iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22 iyundan 12 iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.

Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart.