Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga asosan, Afgʻonistonda kuzatilgan kuchli sel-suv toshqinlarida zarar koʻrgan aholiga koʻmak koʻrsatish, ularni zarur vositalar hamda oziq-ovqat bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston nomidan insonparvarlik yuklari karvoni “Ayritom” chegara oʻtkazish punkti orqali qoʻshni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Foto: Surxondaryo viloyat hokimligi
Maʼlum qilinishicha, Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Surxondaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Sherzod Rajabov hamda Afgʻonistonning Balx viloyati rasmiylari ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi boʻlib oʻtgan.
Mazkur insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 22 tonna guruch, 100 ming dona konserva va 44 tonna makaron mahsulotlari, 25 ming litr oʻsimlik yogʻi, 100 ming dona tez tayyorlanadigan lagʻmon, shuningdek, 10 kishilik 100 ta maxsus qurilmali chodir va 1 000 litrli 96 ta suv saqlash idishlari oʻrin olgan.
Xabarda taʼkidlanishicha, Afgʻoniston tomoni vakillari Shavkat Mirziyoyev va oʻzbek xalqiga ogʻir paytda koʻrsatilayotgan yordam uchun oʻz minnatdorliklarini bildirigan.