Bugun yurtimizdagi 10 ming 182 ta umumta’lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari ostida bitiruvchilar qadrdon maktablari, jonajon ustozlari bilan xayrlashmoqda. Jami 399 ming 499 nafar o‘quvchi katta hayotga qadam tashlamoqda. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, umumta’lim maktablarida 399 ming 499 nafar 11-sinf, 592 ming 642 nafar 9-sinf o‘quvchilari hamda maktab mas’ullari ishtirokida «Ilm-saodat kaliti!» shiori ostida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirda 3 million nafardan ortiq o‘quvchi, bitiruvchi sinflarning ota-onalari, mahalla faollari, nuroniylar va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi qo‘ng‘iroqni yuqori saviyada o‘tkazish, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida tavsiya va namunaviy ssenariy ishlab chiqilib, barcha maktablarga yetkazildi. Unga ko‘ra, barcha maktablarda tadbirlar soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tavsiya etilgan namunaviy ssenariy asosida tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz umumta’lim maktablari bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga murojaati (tabrigi) o‘qib eshittirildi.
Tadbirda namunali xulqli va a’lo baholarga o‘qigan iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish hamda ularning ota-onalarini «Eng faol ota», «Jonkuyar ona», «Mas’uliyatli ota-ona» kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Qayd etish lozimki, 2023—2024 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 25 ming 259 nafar o‘quvchiga a’lo darajali shahodatnoma beriladi. Maktabning 14 ming 778 nafar iqtidorli bitiruvchisi oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadi (shundan 12620 nafari oltin va 2158 nafari kumush medal).