2024−2025 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyunda boshlanib, 25-iyunga qadar davom etadi. Davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalariga 2024−2025 o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan boshlanadi. Bilimni baholash agentligi prezidentning 24-maydagi farmoniga tayanib, bu haqda e’lon berdi.
Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:
-
1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
-
2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.