Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

13.06.2024 00:00 O'zbekiston 7

bdeb53b16ece268e3ed441c77145436a

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Stavkani o‘zgartirmaslik bo‘yicha qaror energiya tariflari o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’sirini jilovlash maqsadi bilan izohlangan.

25-aprel kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Stavkani o‘zgartirmaslik bo‘yicha qaror energiya tariflari o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’sirini jilovlash maqsadi bilan izohlangan.

Regulyator iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlar tomonidan inflyatsion xatarlarning mavjudligi sharoitida inflyatsiyani prognoz gorizontida 5 foizlik target ko‘rsatkichigacha pasaytirish maqsadida kelgusida ham ijobiy real foiz stavkalarini yetarli darajada saqlab qolish choralarini ko‘radi.

Umumiy inflyatsiyaga monetar omillar ta’siri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng bo‘ldi. Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yil boshidan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.

“Inflyatsiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyaning davom etishi bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi keng qamrovli tus olayotganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, iste’mol savatidagi 70 foizdan ortiq tovar va xizmatlarda narxlar o‘sishi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan sekinlashgan”, — deya qayd etgan Markaziy bank.

Regulyator inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga hamda inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga alohida e’tibor qaratishini qo‘shimcha qilgan.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 25-iyulga belgilangan.

Regulyator so‘nggi marta asosiy stavkani 2023-yilning 17-martida 15 foizdan 14 foizgacha pasaytirgan va shundan buyon o‘zgarishsiz qoldirib kelmoqda.