foto: hyundai-rotem.co.kr
Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Toshkent — Urganch — Xiva” yangi yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem elektropoyezdlarini yetkazib berish to‘g‘risida kelishuv imzolanadi. Jami oltita poyezd sotib olish rejalashtirilmoqda.
Koreya Respublikasi prezidentining 14-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan tashrifi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Temiryo‘lekspress” va Hyundai Rotem kompaniyalari o‘rtasida “Toshkent — Urganch — Xiva” yangi yo‘nalishi bo‘yicha elektropoyezdlarni yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolanadi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF) ishtirokida oltita tezyurar elektropoyezd xarid qilish rejalashtirilgan bo‘lib, unga 10 yillik imtiyozli davr bilan 35 yil muddatga (yillik 0,1 foiz stavkada) 185 million yevro kredit ajratish ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, elektropoyezd “Jaloliddin Manguberdi” deb nomlanadi. U ishga tushirilgach, Toshkentdan Xivaga 7 soatda borish mumkin bo‘lishi kutilmoqda.